O‘zbekistonda sudyalarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi unga nafaqat o‘ta og‘ir, balki og‘ir jinoyat aybi qo‘yilganda ham qo‘llanishi mumkinligi belgilanmoqda. Senat tegishli o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Normadan maqsad korrupsiyaga qarshi kurashish ekani aytildi.
2023-yilda O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti defitsiti rekord daraja — 59 trln so‘mni tashkil etib, avvalgi yillardagi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori bo‘ldi. O‘tgan yil oxirida hukumat xarajatlar chegarasini ushlab turolmagani sababli parlament orqali limitni oshirgandi.
Toshkent shahrida 1-apreldan 31-maygacha, shuningdek, 15-apreldan may oyi oxirigacha issiq suv ta’minotida ikki va to‘rt kunlik uzilishlar bo‘lishi reja qilinmoqda. Shu kunlarda issiqlik tarmoqlari sinovdan o‘tkaziladi. Jadval yangilanib boradi.
Senatorlar “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahririni qabul qildi. Hujjatda bino va inshootlar qurilishida zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi majburiy bo‘lishi, xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar binoda mavjud infratuzilmadan beg‘araz foydalanishi mumkinligi belgilanmoqda.
Birinchi chorakda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6 foizga, sanoat esa qariyb 10 foizga o‘sadi, deyiladi prezident bilan uchrashuvda. U korxonalarning debitor qarzdorligini kamaytirish va xarajatlar asossiz o‘sishining oldini olish bo‘yicha topshiriq berdi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda tramvay orqali birinchi navbatda “eski” Toshkent bilan Yangi Toshkent bog‘lanishi, shuningdek, poytaxt ichida tramvayni qaysi yo‘nalishlarga qo‘yish masalasi ustida ishlanayotganini aytdi. U tramvayni “nihoyatda kerakli infrastruktura” deb atadi.