Qishloqlarda ko‘klamning kirib kelishi an’anaviy o‘yinlar bilan nishonlanadi. Ko‘pkari — shulardan biri. “Gazeta.uz” fotomuxbiri Xolida Musulmon Jizzaxda ko‘pkariga borib, erkaklar nega uloq chopishi, g‘oliblarga qanday sovg‘alar berilishi va nega unda ayollar qatnashmasligi haqida hikoya tayyorladi.
Toshkent Fotosuratlar uyida “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z” nomli ko‘rgazma ochildi. Unda Navro‘z bayramiga oid Kinofotofono hujjatlari milliy arxivida saqlanayotgan va O‘zA taqdim etgan 120 dan ortiq fotosuratlar namoyishga qo‘yilgan. Ko‘rgazma 28-martgacha davom etadi.
Prezident Navro‘z bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigida mamlakatdagi o‘zgarishlar, inson sha’ni va qadr-qimmati, tabiatga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani, shuningdek, O‘zbekistonni tadbirkorlik uchun eng qulay va jozibador davlatlardan biriga aylantirish borasidagi rejalarni alohida ta’kidlab o‘tdi.
Prezident mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirishga doir qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, turli yoshdagi ayol va erkaklarning “mahalla terma jamoalari” tashkil etilib, ular o‘rtasida “Mahalla ligasi” o‘tkaziladi. Unda o‘zini ko‘rsatgan yoshlar futbol maktabi va akademiyalariga yo‘naltiriladi.
O‘zbekistonda kriptobirja va kriptodo‘konlar uchun yig‘imlar mos ravishda 1,8 va 9 baravarga oshirildi. ILMA xabarida aytilishicha, ularning faoliyati yetarli darajada rentabel va o‘zgarishlar ularning moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Tarmoqlarda Tahoe va BYD Song Plus avtomobillari Toshkentdagi ko‘chada soatiga 170−180 km tezlikda harakatlangani aks etgan video tarqaldi. Haydovchilar (26 va 35 yosh) jarimaga tortildi, shuningdek, ular bilan “profilaktik suhbat” o‘tkazildi.