Toshkentda tog‘asi bilan birga yurgan o‘g‘lini olib ketishga urinib, uni kaltaklagan erkak 5 sutkaga qamaldi. Aniqlanishicha, yigit ota-onasining muntazam janjallari sababli ular bilan yashashni istamagan. Fevral oyida bolaning onasiga himoya orderi ham berilgani ma’lum bo‘ldi.
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi yong‘in vaqtida o‘zbekistonlik ko‘cha tozalovchisi Olimjon Ibrohimov trubada uchinchi qavatga ko‘tarilib, bir necha kishini qutqarib qoldi. U bir vaqtlar desantchi bo‘lib xizmat qilgani haqida gapirib berdi. “Yordam berish burchimizdir, Xudo hammani ko‘rib turibdi”, — dedi u.
Toshkent hokimi “Gazeta.uz” muxbirining “Poytaxt ekologiyasi sizni xavotirga soladimi?” degan savoliga javoban shunday dedi: “Xavotirga solgani uchun 75 gektarda istirohat bog‘larini qurdik, hozir yana 25 gektarda yashil hududlar barpo etyapmiz. Har bir quruvchiga daraxt va buta ekishni majbur qilib qo‘ydim”.
Slovakiyaning Volkswagen va Volvo kompaniyalari haydovchilik, avtomobil ishlab chiqarish, kabel agregatlarini yig‘ish, montaj, avtomobillarni sinovdan o‘tkazish kabi yo‘nalishlarda O‘zbekistondan ishchilarni taklif etmoqda. Ish haqi 1200−1700 yevrodan boshlanadi.
O‘zbekiston prezidenti bosh vazir boshchiligidagi muvofiqlashtiruvchi kengashga uch oy muddatda vazirlik va idoralarni Yangi Toshkentga ko‘chirish bo‘yicha taklif kiritishni topshirdi.
Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov yo‘llarni yaxshilash uchun 500 mln dollarlik loyiha ishlab chiqilgani, shuningdek, bekatlar va tirbandlikni keltirib chiqarayotgan 30 ta eng katta chorrahani tartibga solish rejasi borligini bildirdi. Hokim odamlarni mikromobillikka o‘rgatish muhimligini ham ta’kidladi.
Navoiy viloyatida Matiz avtomashinasida uch nafar maktab o‘quvchisi YTHga uchradi. Ulardan ikki nafari voqea joyida vafot etdi, biri og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bukmekerlik faoliyati qonuniylashtirilishiga izoh berdi. Ta’kidlanishicha, mavjud taqiqlar “amalda ishlamayapti”. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatdan mablag‘larning chiqib ketishi yiliga 350 mln dollardan 1 mlrd dollargachani tashkil qilmoqda.
Chilonzor tumani sudi 40 yoshli ayolni firibgarlik bilan 80 dan ortiq kishining nomiga kredit evaziga texnika mahsulotlarini xarid qilib kelgani uchun 5 yilu 2 oyga ozodlikdan mahrum etdi. U bungacha ham 12 marta sudlangan. Shuningdek, bu ishda ayolga yordam bergan ikki yigit 5 yilu 6 oy muddatga qamaldi.