Turkmanistonda ayollarning pardoz-andoz qilishi, zamonaviy kiyinishiga nisbatan va boshqa turli taqiqlar joriy etilishi aholi noroziligini tobora kuchaytirmoqda. “Go‘zallikka taqiq” mavzusi ayollar orasida keng muhokama qilinyapti. Ayrim hollarda “nozik jins” vakillari bu zo‘ravonliklarga qarshi chiqishmoqda.
“Yangi yurish-turish qoidalari”, politsiyaning va “ratsiya ko‘targan fuqaro kiyimidagi odamlar”ning o‘zboshimchaligi ayollar orasida qizg‘in muhokama qilinmoqda. Bu haqda Ozodlikning turkman xizmati xabar berdi.
Yaqindan boshlab Turkmaniston ayollariga yuz va tirnoqlarni pardozlash, soch bo‘yash, badanni sirib turadigan kiyimlar, shuningdek jinsi va umuman shim kiyish man etildi. Boz ustiga, ayollardan an’anaviy keng bichimli ko‘ylak va jiyakli ishton kiyib yurish talab qilinmoqda. Erli ayollar esa ro‘mol o‘rab yurishlari shart. Eslatib o‘tamiz, mamlakatda “go‘zallikka taqiq” aprel oyi avvalida lab shishirish va tirnoq o‘stirishni man qilishdan boshlangan edi.
Davlat muassasalari va korxonalari, o‘quv yurtlari bu talablarni so‘zsiz ijro etish uchun darhol ishga kirishishdi. Natijada ayollar kosmetika ashyolaridan foydalangani uchun ishdan bo‘shatilish xavfi ostida qoldilar. Bu orada davlat avia hamda temir yo‘lshirkatlari labini shishirtirgan, lablarini korreksiya qildirgan yoki silikon ko‘krak qo‘ydirgan xotin-qizlarni styuardessa va vagonboshi lavozimlaridan bo‘shatishni boshladi.
Shaharlarda politsiya ayollarning tashqi ko‘rinishini nazorat qilmoqda. “Qoidaga xilof” tashqi qiyofasi uchun ayollarni o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olish va jarimaga tortish hollari ko‘paydi.
11-may kuni Ozodlik turman xizmati muxbiri Ashxobod ko‘chalarida politsiya nafaqat turkman ayol-qizlarini, balki yevropacha rusumda kiyingan boshqa millatlar vakilalarini ham to‘xtatayotganini ma’lum qildi.
“Bir holatda patrul mashinasi jinsi kiygan rus qizi o‘tirgan xususiy taksini ta’qib qilgan va qizni taksidan sudrab tushirib, bo‘limga olib ketishga urinishgan. Ammo qiz hali voyaga yetmaganini va katta yoshli qarindoshlarisiz uni olib ketishga politsiyaning haqqi yo‘qligini aytgach, noiloj, qo‘yib yuborishgan”, deya xabar qildi Ozodlikning Turkmaniston poytaxtidagi muxbiri.
Davlat ishida ishlamaydigan ayollar zug‘umga qarshi kurash yo‘llarini izlasharkan, davlat xizmatchilari va talaba qizlar ochiq norozilik bildirishdan o‘zlarini tiyishga va bo‘shatilish yoki o‘qishdan haydalish qo‘rquvi tufayli mantiqsiz talablarga bo‘yin egishga majbur bo‘lishmoqda.
Davomli iqtisodiy inqiroz va koronavirus pandemiyasi aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini zo‘raytirdi. Hamisha muammolarni inkor etib kelgan hukumat esa fuqarolar ustidan nazoratni yil sayin kuchaytirmoqda. Sobiq prezidentning o‘g‘li Sardor Berdimuhamedov iqtidorga kelganidan so‘ng odamlarning shaxsiy hayotiga aralashuv misli ko‘rilmagan ko‘lam kasb etdi.
Mamlakat aholisi bir oy ichida turfa xil ta’qiblarga duch keldi, xususan, rasmiy nikohsiz birga yashayotgan erkak-ayollarni aniqlash maqsadida politsiya reydlari o‘tkazildi. Ko‘chalarda er-xotinlar to‘xtatilib, nikoh daftari tekshirilmoqda va ularga axloq-odobdan va’zlar o‘qilmoqda.
Turkman rasmiylari ayollarga avtomobilning old yo‘lovchi o‘rindig‘iga o‘tirishni va oq rangli to‘y libosi kiyishni ham taqiqlashdi. Bundan tashqari, Ozodlik manbalariga ko‘ra, endi ayollarning mamlakatni tark etishini butkul man etish masalasi ko‘rilmoqda.