Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Xavfsizlik Kengashiga Afg‘oniston «jar yoqasida turgani» ni aytib, xalqaro hamjamiyatning tezkor yordam ko‘magiga to‘sqinlik qilayotgan «cheklovlar va operatsiyalarni to‘xtatishga» chaqirdi.
Guterrish 26 - yanvar kuni Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha kengash brifingida a’zo davlatlarni insonparvarlik yordami uchun zarur bo‘lgan litsenziyalarni berishga chaqirar ekan, «hozirgi Afg‘oniston yordamga muhtoj bir vaqtda joriy cheklovlar jiddiy ko‘rib chiqilishi kerak»,- deya ta’kidladi.
Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat avgust oyida Tolibon hokimiyatga kelganidan so‘ng keskin yomonlashdi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 22,8 million inson to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekayotgan bo‘lsa, 8,7 million aholi esa ochlikdan jabr tortmoqda.
Shu oy boshida BMT urushdan vayron bo‘lgan mamlakatga 4,4 milliard dollar gumanitar yordam ko‘rsatishga chaqirgan edi. 26 - yanvar kuni tashkilot sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma va boshqa ijtimoiy ehtiyojlar uchun yana qo‘shimcha 3,6 milliard dollar kerakligini ma’lum qildi.
«Biz moliyaviy institutlar va tijoriy hamkorlarga sanksiyalardan qo‘rqmasdan gumanitar operatorlar bilan ishlay olishlari uchun huquqiy kafolat berishimiz kerak», deydi Guterrish.
«Afg‘oniston xalqini qishdan omon olib chiqish uchun» zudlik bilan resurslarni yo‘naltirish kerak, dedi Antoniu Guterrish «vaqt muhim»ligini qo‘shimcha qilgan holda.
Kobulda xalqaro qo‘llab-quvvatlangan hukumat ag‘darilganidan keyin Afg‘oniston Markaziy bankining 9,5 milliard dollarga yaqin zaxiralari muzlatib qo‘yilgan. Hech bir davlat Tolibon boshchiligidagi hukumatni tan olmagan va gumanitar vaziyat tez yomonlashayotganiga qaramay, xalqaro yordam deyarli to‘xtab qolgan.
Guterrish jahon hamjamiyatini “afg‘on iqtisodiyotini «qutqarish» uchun «muzlatilgan valyuta zaxiralarini ochish va Afg‘oniston Markaziy banki bilan aloqalarni qayta yo‘lga qo‘yish choralarini» topishga chaqirdi.
26 - yanvar kuni G‘arb diplomatlari va Tolibon vakillari o‘rtasida Osloda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida xalqaro hamjamiyat insonparvarlik yordami Tolibonning inson huquqlari, qizlar, ayollar va etnik ozchiliklar huquqlarini hurmat qilishiga bog‘liq bo‘lishini ta’kidlagan.
Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson Twitter da «mart oyida o‘quv yilida boshlang‘ich va o‘rta maktablar butun mamlakat bo‘ylab barcha o‘quvchilar uchun ochiq bo‘lishi zarur" deb yozdi.