Kremlning qamoqdagi tanqidchisi Aleksey Navalniy harorat ko‘tarilishi va yo‘taldan shikoyat qilgach, kasalxonaga o‘tkazildi, deya xabar berdi “Izvestiya” nashri.
5 - aprel kuni ertalab Navalniy “Instagram”da post qoldirib, kameradagi mahbuslarning uchdan biri silga chalinganlikda gumon qilinib, kasalxonaga yuborilganini aytdi.
Navalniyning ma’lum qilishicha, shifokorlar unda “kuchli yo‘tal” va 38.1 daraja harorat borligini aniqlagan.
Prezident Putinning 44 yoshli ashaddiy tanqidchisi hozirda Moskvadan 100 km narida joylashgan 2‑Axloq tuzatish koloniyasi kasalxonasida.
Navalniyning aytishicha, u yotgan kamerada 15 nafar mahbus bor, ulardan uchtasi silda gumon qilinib kasalxonaga yotqizilgan.
5 - apreldagi postida Navalniyning aytishicha, u yotgan kameradagilarga yaxshi ovqat berilmaydi – yelimsifat bo‘tqa va muzlagan kartoshka. U hozir yaxshiroq sharoit yaratib berishlarini talab qilib, ochlik e’lon qilgan.
Ovqatning sifatsizligi va vazn yo‘qotilishi immun tizimining silga qarshiligini zaiflashtiradi.
Navalniy avvalroq kuchli bel va oyoq og‘rig‘idan, shuningdek, qo‘riqchilar uyqu bermayotganidan shikoyat qilgan edi.
Navalniy davlatga qarashli OAVlar uning juda yaxshi sharoitda yashayotgani haqidagi bergan oxirgi yangiliklarini tanqid qildi.
U bu OAVlar muxbirlarini bu kameralarda sil kasallar bilan bir kecha turishga taklif qildi.
Navalniy yanvar oyida Germaniyadan qaytganda shartli qamoq shartlarini buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Aksil‑korrupsiya kurashchisi asabni falajlovchi moddadan zaharlangach, Berlinda bir necha oy davolanib qaytgan edi.
Navalniy Rossiya Federal xavfsizlik xizmatini o‘ziga qarshi suiqasd uyushtirishda ayblaydi.
Moskva sudi fevral oyida uni shartli qamoq shartlarini buzganlikda aybdor deb topdi, muxolifatchining o‘zi esa buni siyosiy sabablar bilan bog‘laydi.