Jurnalistik tekshiruvlar xalqaro konsorsiumi e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, global banklar yigirma yil davomida 2 trillion dollardan oshiq qiymatga ega shubhali mablag‘ni aylantirgan.
20 - sentabr kuni e’lon qilingan hisobotda moliyaviy institutlar hamda hukumatlar noqonuniy mablag‘ oqimlarini to‘xtatish uchun yetarlicha chora ko‘rmayotgani aytiladi.
Hisobot AQSh Moliya vazirligining pul yuvishni o‘rganuvchi bo‘limidan sizdirilgan minglab hujjat asosida yozilgan.
Sizdirilgan hujjatlar g‘arb davlatlaridagi banklar, jumladan, JPMorgan va Deutsche Bank jinoiy to‘dalarga mablag‘ yuborishga va pul yuvishga ko‘maklashganini ko‘rsatdi.
Mazkur hujjat global korrupsiya mavzusida so‘nggi yillarda e’lon qilingan beshinchi yirik hisobotdir.
AQSh Moliya vazirligi huzuridagi Moliyaviy jinoyatchilikka qarshi kurash tarmog‘idan olingan 2 100 ta hujjat avvaliga BuzzFeed nashri, so‘ngra jahon bo‘ylab 400 nafar muxbirlarga yuborilgan.
Hujjatlar orasida banklar 1997 – 2017 yillarda rasmiylarga yuborgan shubhali faoliyatga doir hisobotlari ham bor. Banklar biror operatsiya qonuniyligi haqida shubha tug‘ilsa, Moliyaviy jinoyatchilikka qarshi kurash tarmog‘iga ushbu shubhali faoliyat haqida hisobot yuboradi.
BuzzFeed nashriga kelib tushgan hisobotlarning yarmida banklar operatsiyalar ortida turgan bir yoki undan ko‘p taraf haqida ma’lumotga ega bo‘lmagan.
Keyingi yillarda AQSh va g‘arb davlatlarida banklarni noqonuniy mablag‘ oqimini to‘xtatishga majburlovchi qator qonunlar qabul qilindi.
O‘tgan yili global miqyosda banklar 2 milliondan oshiq shubhali faoliyatga doir hisobotlarni yuborgan. Tahlilchilarning aytishicha, atigi 333 nafar ishchiga ega Moliyaviy jinoyatchilikka qarshi kurash tarmog‘i korrupsiyaga va moliyaviy jinoyatlarga qarshi yetarlicha kurasha olmayapti.
Jurnalistik tekshiruvlar xalqaro konsorsiumi e’lon qilga hisobotlardan turk oltinfurushi Rizo Zarrab Rossiya va ofshor shirkatlar bilan o‘tkazgan operatsiyalari ortidan 1,25 milliard dollar foyda ko‘rgani o‘rtaga chiqqan.
Shuningdek, hujjatlardan 20 yil ichida Rossiyaga 11 milliard dollar qiymatga ega shubhali mablag‘ olib kirilgani va olib chiqilgani ma’lum bo‘ldi. Ayni davrda Ukrainaga mablag‘lar oqimi 470 million dollarni tashkil qilgan.
Moliyaviy jinoyatchilikka qarshi kurash tarmog‘idan olingan hujjatlarni qo‘lga kiritgan xabar agentliklari keyingi kunlarda shubhali amaliyotlar ortida kim turgani haqida qator maqola chop etishni rejalashtirmoqda.
2017 - yilda Appleby va Estera ofshor shirkatlari global moliyaviy korrupsiya haqida ko‘p sonli hujjatlarni e’lo qilgan edi. Paradise Papers deb nomlangan hujjatlar tufayli taniqli siyosatchilar, yulduzlar va biznesmenlarning ofshorlar yordamida poraxo‘rlik bilan shug‘ullanayotgani va pul o‘marayotgani oshkor bo‘lgan.