Добавить новость


World News


Новости сегодня

Новости от TheMoneytizer

MATBUOT: YO HAYOT, YO MAMOT! Har ikki-uch oyda kadrlar boʻyicha xodim ogohlantiradi: “Falonchi muxbirning vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtganlik muddati tugagan, nima qilamiz? Qonun talabi buzilyapti, chora koʻrishmasin, tagʻin...”

MARKAZIY GAZЕTALAR SAHIFALARIDA

Yil sayin emas, oy, hafta, hatto kun oʻtgani sari bu savol jiddiylashyapti. Xoʻsh, “Matbuotning davri oʻtdi, endi dunyoni internet nashrlar egallaydi!” qabilidagi hukmu bashoratlar oʻzini qay darajada oqlaydi? Ijtimoiy tarmoqlar, internet nashrlari faollashgan bir paytda bosma nashrlar qanday yashab qoladi? Shu paytgacha obuna hisobidan kun koʻrgan gazeta-jurnallar taqdiri endi nima boʻladi? Dasti uzun, choʻntagi baquvvat muassisi yo homiysi borlarining koʻngli toʻq, boshqalar-chi? Shu paytgacha jurnalistlar nonini tuya qilib kelgan “Oʻzbekiston pochtasi” yoki “Matbuot tarqatuvchi”ning oʻzi koʻmakka muhtoj emasmi? Matbuotchilar oldida yana qanday muammolar koʻndalang turibdi?..

Muammo yasash kerak emas

Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligidan olingan maʼlumot boʻyicha bugungi kunda res­publikamizda 1 156 ta ommaviy axborot vositasi faoliyat koʻrsatmoqda, ularning 665 tasi gazeta, 365 tasi jurnal. Shundan 327 ta gazeta, 153 ta jurnal “davlat”, 348 ta gazeta, 207 ta jurnal esa “nodavlat” maqomiga ega. Ular keskin raqobat maydonida yashab qolish uchun shiddatli kurash ketayotgan bir pallada oʻz ijodiy, iqtisodiy faoliyatini qay tarzda oʻzgartirmoqda? Zamonga moslasha olyaptilarmi? Bundan bu yogʻiga “Olma pish, ogʻzimga tush” degan bilan ish bitmaydi.

Ustoz jurnalist Jabbor Razzoq iborasi bilan aytganda, bosh muharrir, eng avvalo, ziyoli, teran fikrlovchi siyosatdon va eng muhimi, tashkilotchi, kerak boʻlsa iqtisodchi boʻlishi shart. Jurnalist esa... ham oʻtkir qalami, ham xolis soʻzi bilan hayotning ravishini koʻra olishi lozim. U hakam yo oqlovchi, qoralovchilik roliga kirib olmasdan, siyosiy-ijtimoiy jarayonlar, voqeliklar haqida jamoatchilik fikrini shakllantirishga xizmat qilishi kerak. Bizda esa baʼzan teskarisi boʻladi. Haqmi-nohaqmi, shosha-pisha hukmbardorlik qilish, vaziyatni xolisona baholamasdan turib xulosa chiqarish, ayniqsa, inson shaʼni, qadr-qimmatini yerga urish bilan bogʻliq holatlar ham roʻy bermoqdaki, oqibatda sudma-sud yurishlar, nihoyat, yutqazib qoʻyishlar uchrab turibdi.

Safar OSTONOV, 
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist:

–Televideniye paydo boʻlgan paytda radio tamom boʻldi, deyishgan ekan. Bir asrdan oshyapti hamki, radio televideniye bilan bab-baravar yashab kelmoqda. Endi gazetalar haqidayam shunday mazmunda bahs-munozara boʻlyapti. Internet yoki ijtimoiy tarmoqlar bizdan ancha oldin Yaponiya, Janubiy Koreya, Amerika, Angliya yoki Yevropada ommalashgan. Lekin yetakchi gazeta-jurnallar toʻxtab qolmadi-ku, aksincha, yanada rivojlanib, yangi nashrlar paydo boʻlmoqda.

Toʻgʻri, hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida dunyoda, mamlakatimizda ham ommaviy axborot vositalari oʻrtasida axborot maydonida joy egallash uchun kurash tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda matbuot ham yangicha yoʻnalishlarni, yangicha uslublarni axtarishi kerak. Bugun axborot tanlash va uni qay usulda uzatish uchun ham malaka, tajriba zarur. Istaymizmi-yoʻqmi, bugungi globallashuv zamonida kunini koʻrolmayotgan, oʻz oʻquvchisini topolmayotgan ayrim nashrlar yopilib ketishi mumkin. Olaylik, baʼzi bir tarmoq yoki xususiy gazetalar chiqmay qolishi tabiiy. Bundan muammo yasash kerak emas.

Savol tugʻiladi: muassislar-chi, oʻz vazifasini qay darajada bajara olyapti? Koʻngildagidek emasligi ayon haqiqat. Lekin tomoshabinlik qilib, muruvvat kutib oʻtirish vaqti oʻtdi. Yaqinda masʼul idoralar vakillarining aytishicha, ayrim tuman gazetalari tahririyatlari iqtisodiy ahvoli nihoyatda nochor ahvolda ekan. Tuman hokimliklari oʻzlari muassis boʻlgan nashrlar taqdiri haqida umuman oʻylashmayapti. Ming dona nusxa atrofida chop etilayotgan tuman gazetalari oz emas. Hattobir dona kompyuter olishga ham qurbi yetmayotgantahririyatlar borligini qanday baholash mumkin?..

Ustozning kuyinganicha bor. Hozir zamon oʻzgardi, talab boshqacha. Adib-shoir bilan jurnalist-muxbirning oʻrtasida yeru osmoncha farq bor, axir. Endi kabinetda doʻppini qoʻyib, xayol surib, internet titkilab oʻtiradigan, hayotda emas, xayolida qahramon yaratadigan jurnalist hech bir tahririyatda oʻz oʻrnini topolmaydi. Bor haqiqat, yaxshiyu yomonimiz, orzuyu armonlarimiz odamlar orasida, el-ulus ichida ekanini anglashimiz lozim. Prezident taʼbiri bilan aytganda, jurnalistlar har qanday sharoitda ham adolat tamoyi­liga, oʻzining hayotiy va ijodiy prinsiplariga sodiq qolishi kerak.

Yolgʻonchi tarqatuvchilar

Yashirishga ne hojat, bosma nashrlarimiz bugun mamlakatda roʻy berayotgan oʻzgarish, voqea-hodisalardan ortda qolayotgani haqiqat. Tabiiyki, buning obyektiv va subyektiv sabablari borliginiyam unutmaylik. Masalan, bugun chop etilgan “XXI asr” yoki “Jamiyat”, “Oʻzbekiston ovozi” ertaga yo indinga emas, keyingi hafta boshida Xorazm yo Surxondaryoga yetib borsa, kim yutqazadi? Birinchi navbatda oʻsha nashr jamoasi, qolaversa, oʻquvchining oʻzi-chi? Falon ming soʻm toʻlab yozilgan obunachining aybi nima?

Gʻulomzokir YUSUPOV, 
“Nurlы jol” gazetasi bosh muharriri:

– Gazetamiz 1991-yildan beri qozoq tilida chop etiladi. Bizni qiynayotgan asosiy muammo nashrimizni joylarga yetkazib berish bilan bogʻliq. Matbuot tarqatuvchi tashkilotlar faoliyati qoniqarsiz. Bugun chiqqan gazeta bir hafta, baʼzida bir oydan keyin obunachiga yetib borsa, kulgili emasmi? Bu obunaga oʻz-oʻzidan jiddiy taʼsir koʻrsatadigan omil. Ishonchni yoʻqotamiz. Matbuot doʻkonlarida, masalan, bizning gazetamiz deyarli sotilmaydi. Bahona koʻp, natija yoʻq...

Bunday koʻngilsiz holatlar kunora boʻlmasa-da, har oyda joylardan obunachilar, mushtariylardan kelayotgan murojaatlarda aks etayotir. Obuna uyushtirish shartnomasini qoʻlga kiritguncha tahririyatlar eshigida “Oʻlaman sattor, vaqtida yetkazib beraman”, deb yotib oladigan aksiyadorlik kompaniyalari va xususiy matbuot tarqatuvchi MCHJ sohiblarining yil davomida aytiladigan ming bitta bahonasidan toʻydik. Eng dahshatlisi, obuna pullarini olvolib, uch-toʻrt oydan soʻng izsiz yoʻqolib, yopilib ketayotgan yolgʻonchi tarqatuvchilar safi yil sayin kengayib bormoqda. Ayrimlari bilan masalan bizning tahririyat sudlashyapti ham (shu kungacha 17 yarim million soʻmdan koʻproq mablagʻning bir tiyinini ham toʻlamayotgan “Qarshi matbuot tarqatuvchi” MCHJ misolida).

Gazetamiz bilan tuzilgan shartnomaga binoan umumiy summadan “Mehr Media” sal kam 19 million, “Nurli matbuot koʻzgusi” esa 21 milliondan koʻproq qarzini uzishga shoshilmayapti. Bu kabi salbiy holatlar istalgan gazeta-jurnal bilan sodir etilayotganiga shubhamiz yoʻq. Ha, endi, insofini boʻri yemagandir, yil oxirigacha toʻlab berar, degan umid hammamizda bor. Ming afsuski, bunday “terisi qalin” tarqatuvchilar soni kamayish oʻrniga koʻpayib boryapti.

Demak, bosma nashrlarimiz nufuzini oshirish uchun pochta xizmati va matbuot tarqatish tizimi jiddiy isloh qilinishi kerak. Bu borada koʻrilayotgan chora-tadbirlar esa hamon oʻzini oqlayotgani yoʻq. Eskicha ishlash prinsipidan voz kechish qiyin kechayotir.

Yana majburiy obunami?

Har yil takrorlanadi bu savol. Dasti uzun tashkilot boʻlsa, oʻylab-netib oʻtirmaydi. Bitta qaror yoki xat bilan “ommaviy mavsum”ga start beriladi. Odamlar oyligidan voz kechib boʻlsayam, falon nashrga “ixtiyoriy” yoziladi. Bosh tortib koʻrsin-chi, ishdan boʻshash haqida ariza yozishdan boshqa yoʻli qolmaydi.

Muassisining oʻzi koʻmakka muhtoj boʻlgan gazeta yo jurnal bosh muharririning yuragi bezillab qolgan. “Oʻzlaring harakat qilinglar, bizning ham hisob-kitobimiz chatoq, boʻlmasa...” Yopib qoʻyaqolaylik, deyishdan tiyiladi zoʻrgʻa. Negaki, bu yoqda siyosiy-ijtimoiy jarayonlar, davrning talabi boshqacha. Xususiy nashrlarning yoʻrigʻi oʻzga. Yana kimga qiyin, “markaziy” yoki “davlat” deb atalmish (aslida aksariyat nashrlarning huquqiy maqomi bir xil) gazeta-jurnallar jamoasiga-da. Yilning boshi va oʻrtasiga borgach, bosmaxona (ular bor-yoʻgʻi ikkita) tashvishli xatlar yoʻllaydi. Falon oyning shu kunidan boshlab xarajatlar (dollariyam qurib ketsin) ... foizga oshiriladi, vassalom! Hisobli doʻst ayrilmas, bu bozor deganlari doʻstni bilarmidi, yana xomchoʻt boshlanadi. Kadrlarni qisqartirish kerak. Shundogʻam iqtidorli, malakali jurnalist anqoning urugʻiga aylanayotgan bugungi zamonda bu kabi kutilmagan zarbalar har qanday muharrirni esankiratib qoʻyishi tabiiy. Nima qilish kerak?

Sirojiddin RAUF,
“Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari bosh muharriri:

– “Sharq yulduzi”uch-toʻrt ming nusxada bosilyapti. Endi tasavvur qiling, respublikamizda qariyb 10 mingga yaqin maktab bor, har birida ona tili bilan adabiyot fanidan saboq beradigan oʻqituvchilar soni kamida uch nafardan boʻlsayam, jami 30 mingdan oshadimi? Hisoblaylik, uch ming qayoqda-yu, oʻttiz ming qayoqda? Bu ahvolda zamonaviy adabiyotdan dars oʻtadigan ustozlar qayerdan manba oladi? Shunday paytda “ommaviy madaniyat”ni targʻib qiladigan nashrlar uloqni olib ketadi-da.

Ijodiy uchrashuvlarda kuzatdim, respub­likadagi maktab, kollej, oliy oʻquv yurtlarida kamdan kam hollardagina jurnalimizni koʻrdim. Kutubxonalarda oldi-qochdi mavzudagi gazetalar, kitoblar turibdi. Ular taʼlim maskanlariga qanday yoʻllar bilan kirib boryapti, jumboqmi? Majburiy obunaga chek qoʻyildi, juda toʻgʻri qaror, lekin bu degani oʻqituvchi-murabbiylar umuman gazeta-jurnal oʻqimasin degani emas-ku. Aksincha, ixtiyorni oʻzlariga qoʻyib berish kerak, kimdir siyosatga qiziqadi, yana boshqasi adabiyotga, birov iqtisodiy mavzularga, marhamat obuna boʻlaversin.

Shu oʻrinda jurnalistning mashaqqatli mehnatini qadrlab, uning mehnatiga alohida eʼtibor va ragʻbat koʻrsatib kelayotgan nufuzli rahbarlarni ham eslash oʻrinli deb hisob­laymiz. Koʻp yillar Qashqadaryo viloyati hokimi boʻlib ishlagan, ijod ahlining qadrdoni, chin maʼnoda ziyoli rahbar maqomiga erishgan rahmatli Nuriddin Zayniyev, qolaversa, bugungi kunda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajarayotgan Erkinjon Turdimovning dastlab navoiylik, keyin esa surxondaryolik hamkasblarimizga koʻrsatgan qoʻllab-quvvatlovi zamirida aslida maʼnaviyatga ehtirom yotibdi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Boshqa hokimlar uchun bu kabi hayotiy tajribalar ibrat emasmi? Bu endi alohida mavzu...

Obuna mavsumida tahririyatlar turli idorayu vazirlik va hokimliklardan madad kutib yashashi kerak, degan fikrni aytishdan yiroqmiz. Avvalo, ijodkor xalq manfaatlari yoʻlida, oʻz ijodiy salohiyati doirasida harakat qilishi koʻp kuzatilgan. Koʻpincha jurnalistlar davrasida OAVda sogʻlom raqobat muhiti yoʻqligi va bu aynan obunaga jiddiy taʼsir koʻrsatayotgani aytiladi.

Besh sabab va bosh sabab

Matbuotning kuni bitdi, gazetani oʻqishga vaqt bormi, kerakli axborotni internetdan topsa boʻladi-ku, deydiganlar ham oramizda kam emas. Mutolaadan huzur qila oladigan, tafakkur dunyosi keng, ziyoli qatlam ehtiyojini qondiruvchi jiddiy publitsistika, tanqidiy-tahliliy maqolalarni chop etayotgan, davriyligidan qatʼi nazar, oʻqishli nashrlar har doim oʻz auditoriyasini topadi. Lekin bugungi kunning yana bir asosiy talabi ham borki, ertasini oʻylagan matbuot, ijodiy jamoa hech ikkilanmasdan zamonaviy internet saytini yuritishi shart!

Nosirjon TOSHMATOV, 
“Mushtum” jurnali bosh muharriri:

– “Gazeta-jurnallar oʻladimi?” degan savol koʻtarila boshladimi, bu hammamiz uchun jiddiy qoʻngʻiroq. Ogohlik qoʻngʻirogʻi. Savol hamisha ichki savolni tugʻdiradi: xoʻsh, bunga nima sabab boʻldi? Birinchidan, son koʻpaydi-yu, sifat kamaydi. Ikkinchidan, bir toifa nashrlar monopolistlik qilib, obunachilarni majburiy (zoʻravonlik bilan, desa ham boʻlaveradi) egallab turibdi. Uchinchidan, shoʻro tizimi davridagi “inkubator” gazetalar hamon yashab kelmoqda. Toʻrtinchidan, matbuot bozori amalda shakllanmadi... Eng asosiy va ayanchli sabab­lardan beshinchisi — ilgari ikki mingga yaqin gazeta doʻkonlari ishlab turgan viloyatda bugun barmoq bilan sanarli kioskalar qoldi. Ularning muammolari oʻz vaqtida oʻrganilmadi, yechilmadi.

Internetning kun sayin davrasini kengaytira borayotgani bosma nashrlar ortidan kun koʻrayotganlarga jiddiy boshogʻrigʻi boʻlmoqda. Ammo gazeta-jurnallarning tobora kam adad boʻlib ketayotganiga oʻquvchi ham, internet ham aybdor emas. Aybni oʻzimizdan qidirishimiz kerak: bizlar xalq dardini yozmay qoʻydik. Haybarakallachiga aylandik. Gʻisht ishlab chiqaruvchini tushunsa boʻlar – mashina-mashina gʻishti birovlarning hovlisida uyulib yotganini koʻrsa, pinagini buzmaydi. Lekin taxlam-taxlam gazetalar aqalli birortasi varaqlab koʻrilmasdan, matbuot doʻkonlariyu mahalla idorasi, maktablarda chang bosib yotishini qanday izohlash mumkin? Esiz qogʻoz, esiz koʻz nuri, esiz pul!..

Iqtisodiy qaramlik – ijodiy qaramlikni keltirib chiqaradi. Ijodiy qaram nashr hech qachon chatnagan, yangilikka yetaklovchi fikrni yozmaydi. Yozolmaydi! Men uchun sariq ham, qizil ham, qora ham nashr yoʻq. Men uchun faqat yashil matbuot bor, xolos. Millat koriga kamarbasta boʻladigan – elning etagiga yopishadigan emas, elga etagini ushlatib, ortidan ergashtirib yuradigan matbuot kerak! Oʻzbek matbuoti yashil matbuot boʻlishi uchun OAV toʻgʻrisidagi qonunlarimizni ham harakatga keltirishimiz zarur.

“Propiska”ngiz bor boʻlsin-da!

Har ikki-uch oyda kadrlar boʻyicha xodim ogohlantiradi: “Falonchi muxbirning vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtganlik muddati tugagan, nima qilamiz? Qonun talabi buzilyapti, chora koʻrishmasin, tagʻin...” Yana oʻsha boshogʻriq muammo oldida ojiz qolamiz. Haligi yigit yo qizimiz navbatdagi “vaqtinchalik boshpana” topish uchun kamida yana bir hafta ovora boʻladi. U oydan bu oyga arang yetadigan maoshining moʻmaygina qismini xarajat qiladi. Bor-ye, deb qishlogʻiga ketvorishiyam mumkin edi-yu, u yoqda ham hech kimning koʻzi uchib turgani yoʻq-da. Tuman yo viloyat gazetasi, tele-radiosi allaqachon “oilaviy biznes”ga aylanib ketgan!

Qizigʻ-a, shu kungacha Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritish huquqiga ega tashkilotlar soni 65 taga yetibdi! Ular safiga bizning sohamizga tegishli Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ilingan, xolos. Oʻzbekiston Yozuvchilar yoki Jurnalistlar uyushmalari nima uchun bu roʻyxatga kiritilmayotgani bizga qorongʻi. Hisoblab chiqing, Toshkentda qancha gazeta-jurnal, axborot agentliklari, nodavlat nashrlar, erkin ijod qilayotgan jurnalistlar bor, ular qayerga bosh urib borishlari kerak? Yoki har olti oyda yechimi koʻrinmayotgan muammo jabrini qachongacha tortadilar? Ular orasida hatto pensiya yoshiga yetganlari ham bor, axir!

– Prezidentimizning “Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida “Qoraqalpogʻiston Res­publikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Uyushma bilan birgalikda ehtiyojmand va faol jurnalistlarni imtiyozli ipoteka kreditlari asosida uy-joy yoki yer uchastkalari bilan taʼminlash ishlarini belgilangan tartibda yoʻlga qoʻysin”, deb yozib qoʻyilgan, – deydi jurnalist Begzod IBRAGIMOV. – Nega bu talab haligacha bajarilmayapti? Nega qimmat uy sotib olganga (eng kam ish haqining 2 000 barobari miqdorida) propiska beriladi? Bu ham teng­likning, ijtimoiy adolatning buzilishi emasmi?

Yaqinda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining uy-joyga ehtiyojmand aʼzolari uchun Toshkent shahrining xushmanzara joyida koʻp qavatli uylar qurib bitkazildi. Davlat rahbari ana shu uylarni borib koʻrdi, ijodkorlar bilan muloqotda boʻldi. Quvonmay boʻladimi. Biz jurnalistlar uchun ham ana shunday kun kelarmikan? Haligacha aʼzolari soni nomaʼlum boʻlgan uyushmamiz rahbarlari bu borada ham chuquroq oʻylab koʻrishar, degan umiddamiz.

Mana, ikki yildirki, yangi davrga, yangicha shart-sharoitlarga moslasha olmayotgan matbuotimizga rahbarlik qilayotgan bosh muharrirlarimizni bir koʻz oʻngingizga keltiring: yoshullilarimiz yetmishga yetib, saksonga qarab sakragan, yoshlarimiz esa qirqni qirqib oʻtib, ellikning elagiga yaqinlashib borayotir. Nega navqiron avlod jurnalistlarimiz izma-iz yetishib kelmayapti? Aniqrogʻi, shunday yigit-qizlarimiz bor-u, nimagadir matbuot maydonini egallashga shoshilmayotgandek, oʻzlarining cheklangan davralarida aylanishib qolayotgandek, “propiska” va uy-joy singari muammolariga oʻralashib yurgandek... Yigirma besh yoshgacha institut-universitetni bitirgan ham deylik. Yana uch-toʻrt yilda yozish-chizishning malakasini egallab olish mumkin. Oʻttiz bilan qirqning orasi dadil ijod qiladigan palla, jamiyatga foydang tegadigan davr emasmi? Shu paytda oʻtkir soʻzing, keskir qalaming bilan elga tanilmasang, pensiyaga chiqqandan keyin ijod qilasanmi, deydigan odam yoʻq. Biz ayni shigʻil meva berishi mumkin boʻlgan bogʻlarimizning umrini bekorga oʻtkazib yuborayotgan bogʻbonga oʻxshaymiz. Meni toʻgʻri tushundingiz, milliy matbuotimiz uchun yosh kadrlar masalasi ham yo saodat, yo halokat masalasidir. Agar gazeta oʻl(adi)gan boʻlsa, uvol-savobi zamon bilan hamnafas boʻl(ma)gan muharrirlarimiz, muxbirlarimiz chekiga tushadi.

Fursati yetdi...

Oʻtgan yili iqtidorli jurnalist Sevara Alijonovaning “Matbuot oʻladimi?” sarlavhali maqolasi ortidan koʻplab bahs-mulohazalar qoʻzgʻalgan edi. Oʻsha materialda keltirgan qiziq faktlarga eʼtibor bering: Yaponiyada bosma OAVga koʻproq eʼtibor qaratiladi. Bolalarning gadjetlardan emas, “qogʻoz”dan oʻqishlari qattiq nazorat ostiga olinadi. Finlyandiyada deyarli yigirma yildan buyon “Gazeta haftaligi” oʻtkazilib kelinadi. Haftalik doirasida jurnalistlar maktab va boshqa oʻquv dargohlariga tashrif buyuradilar. Fransiyada yoshlarning bosma nashrlarga obuna boʻlishlari uchun davlat byudjetidan yiliga 15 million yevro ajratiladi. Osiyo-Tinch okeani hududidagi rivojlanayotgan mamlakatlar matbuotni raqamli analogiga almashtirishga shoshilmayapti. 2011 yildan buyon Hindiston va Xitoyda gazeta va jurnal xaridorlari 3 foizga ortgan. “Mr. Magazin” taxallusi bilan tanilgan, matbuot boʻyicha mutaxassis Sarim Xunsining taʼkidlashicha, “Matbuot hech qachon oʻlmaydi!.. Juda yaxshi esimda, 1978 yili bir professor bilan bahs boylashgandik. U matbuot kundan-kunga oʻz oʻlimi sari qadam qoʻymoqda, degandi. Oʻshanda AQSHda 2 000 ta jurnal chop etilardi. Oradan 40 yil oʻtib esa mamlakatda gazeta va jurnallarning soni 10 mingtaga yetdi. Kino teatrni siqib chiqarolmadi, internet ham gazeta va jurnallarning yoʻq boʻlib ketishiga asos boʻlolmaydi”.

Jahon tendensiyasi shuni koʻrsatmoqdaki, bosma va internet nashrlarini oʻzaro zid qoʻyish yaramaydi. Aksincha, ularga bir-birini toʻldiruvchi, boyituvchi manbalar deb qarash kerak. Milliy matbuotimiz hamma aybni internetga agʻdarib oʻtiravermasdan, yangicha sharoitlarga moslashishi, faoliyatiga boshqaruv va marketingning zamonaviy usullarini joriy etishi, eng muhimi, xalqqa kerakli va qiziq mavzularni professional tarzda yoritishi va buning uchun jurnalistlarga erkin ijodiy muhitni yarata olishi zarur.

Demak, bugun matbuotimiz oldida ikki manzil bor: yo hayot, yo mamot! Yana, bu manzillarga eltadigan ikki yoʻl bor: yo soʻz erkinligi, yo majburiy obuna! Nafaqat jurnalistlarimiz, balki butun jamiyatimiz obdon oʻylab koʻrib, oʻziga maʼqul va maqbul yoʻlni tanlab olishni kechiktirmasligi shart!

Norqobil Jalilov,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

“XXI asr” gazetasi, 2018-yil 20-sentyabr

Читайте на сайте


Smi24.net — ежеминутные новости с ежедневным архивом. Только у нас — все главные новости дня без политической цензуры. Абсолютно все точки зрения, трезвая аналитика, цивилизованные споры и обсуждения без взаимных обвинений и оскорблений. Помните, что не у всех точка зрения совпадает с Вашей. Уважайте мнение других, даже если Вы отстаиваете свой взгляд и свою позицию. Мы не навязываем Вам своё видение, мы даём Вам срез событий дня без цензуры и без купюр. Новости, какие они есть —онлайн с поминутным архивом по всем городам и регионам России, Украины, Белоруссии и Абхазии. Smi24.net — живые новости в живом эфире! Быстрый поиск от Smi24.net — это не только возможность первым узнать, но и преимущество сообщить срочные новости мгновенно на любом языке мира и быть услышанным тут же. В любую минуту Вы можете добавить свою новость - здесь.




Новости от наших партнёров в Вашем городе

Ria.city
Музыкальные новости
Новости России
Экология в России и мире
Спорт в России и мире
Moscow.media










Топ новостей на этот час

Rss.plus