O‘zbekiston Ispaniyadan Qodirovning "jinoiy sherigi"ni ekstraditsiya qilishni so‘ramoqda
Shu yilning 10 martida Ispaniya politsiyasi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan Alisher Xodievni Barselona shahrida hibsga olgan edi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkentning Yashnobod tumanidan bo‘lgan Alisher Xodievni tovlamachalik, firibgarlik va jinoiy yo‘llar bilan topilgan pullari legallashtirishda ayblamoqda.
39 yashar Alisher Xodievga qarshi ilgari surilgan ayblovlar O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.
Alisher Xodievning Ispaniyadagi advokatlariga ko‘ra, ular O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan ilgari surilgan ayblovlar yuzasidan "qo‘shimcha hujjatlar" va "faktlar" taqdim etishni talab qilganlar.
Alisher Xodiev Rashitjon Qodirovning yolg‘iz o‘g‘li Alisherbek Qodirovning talabalik davri do‘stidir.
U O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan Corris Invest mas’uliyati cheklangan jamiyatning (MChJ) direktoridir.
Rashitjon Qodirovning 39 yashar o‘g‘li Alisherbek Qodirov Ichki ishlar vazirligi tarafidan 2018 yilning 5 mart kuni xalqaro qidiruvga berilgan.
2 600 000 dollardan ko‘proq tovlamachilik
Ozodlik Ispaniya prokuraturasiga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan 9 mart kuni taqdim etilgan ayblov xulosasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Alisher Xodievga qarshi ilgari surilgan ayblov xulosasi bir shaxs - O‘zbekistondagi qator yirik korxonalar rahbari, yetakchi tijoriy banklardan biri "Infinbank"ning eng yirik hissadori - Farhod Mamatjonov bergan shikoyat arizalariga asoslangan.
Bosh prokuratura taqdim etgan hujjatlarda iddao qilinishicha, Alisherbek Qodirovning talabalik davri do‘sti bo‘lgan Alisher Xodiev, "jinoiy javobgarlikka tortish" bilan tahdid qilib, Farhod Mamatjonovdan 2009-2013 yillar davomida jami yetti holatda 2 million 600 ming dollardan ko‘proq mablag‘ni olib qo‘ygan.
Mazkur jinoyatlarni, bosh prokuraturaning da’vo qilishicha, Alisher Xodiev O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirov, uning o‘g‘li Alisherbek Qodirov, tijoriy sherigi Xayrullo Musaboev va boshqalar bilan birga "oldindan jinoiy til biriktirib" amalga oshirgan.
Bosh prokuratura hujjatida yettita holatning har birida bir xil xulosa bildirilgan:
“O‘z navbatida A. Qodirov R. Qodirovning yolg‘iz o‘g‘li ekani va unga ta’sir ko‘rsata olishidan xabardor bo‘lgan F. Mamatjonov... talab qilingan ... mablag‘ni A. Xodiev va A. Qodirovga berishga majbur bo‘lgan.”
"Umumiy xarakter"
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi talabi bilan Ispaniyada ko‘rilayotgan ekstraditsiya ishida Alisher Xodievni himoya qilayotgan Bray&Avalo Abogados advokatlik shirkati ilgari surilayotgan ayblovlar "umumiy xarakter"ga ega ekanini ta’kidlaydi.
Ozodlik savoliga yozma javob bergan shirkat advokati Xuan Karlos Brey ayblovlardagi quyidagi jihatga e’tibor qaratdi:
"Taqdim etilgan ayblovlar markazida turli shirkatlar va banklarga ta’magirlik yo‘li bilan pul o‘tkazish turadi. Jinoyat deya tushunilgan faktlar umumiy xarakterga ega," deb yozdi Xuan Karlos Brey.
Uning ta’kidlashicha, Bray&Avalo Abogados advokatlik shirkati O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan ayblovlar bo‘yicha "qo‘shimcha hujjatlar" taqdim etishni so‘ragan.
Sobiq bosh prokuror ishi
O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Rashitjon Qodirovga nisbatan jinoiy ish ochilib¸ uning 2018 yil 22 fevral kuni hibsga olingani haqida birinchi bo‘lib Ozodlik radiosi Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura mulozimlariga tayanib turib xabar qilgan edi.
23 fevral kuni bu xabarni inkor etishga uringan Bosh prokuratura 24 fevral kuni Qodirovning hibsga olinganini tasdiqladi.
67 yashar general Rashitjon Qodirov 2000 yildan 2015 yilga qadar O‘zbekiston Bosh prokurori vazifasini bajardi.
Sobiq bosh prokurorga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi ("tovlamachilik"), 167-moddasi ("o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish", 184-moddasi ("soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash"), 210-moddasi ("pora olish") va 236 moddasi (tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish) bilan ayblovlar ilgari surilgan.
Bosh prokuratura rasmiy bayonotiga ko‘ra¸ Qodirov ishi doirasida jami 24 shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilingan va ulardan 21 nafari hibsga olingan.
Qodirov ishini, Ozodlik bilan ismi sir qolish sharti bilan suhbatlashgan Bosh prokuratura mulozimiga ko‘ra, shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoev yaqindan kuzatib bormoqda.
19 may kuni Andijon viloyat, Ulug‘nor tumanida viloyat faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda ma’ruza qilgan Prezident Shavkat Mirziyoev sobiq prokurorni "ikki-uch oy ichida televidenie orqali" gapirtirishga va’da bergan edi.