Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (Committee to Protect Journalists – CPJ) O‘zbekistonni yaqinda qabul qilingan “onlayn so‘z erkinligini cheklovchi” qonuniy tuzatishlarni bekor qilishga chorladi.
Qo‘mitaning Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Said 28 - aprel kuni e’lon qilgan bayonotda “Oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston prezidenti saylovlari yaqinlashar ekan, rasmiylar ushbu yangi tuzatishlar yordamida so‘z erkinligi ustidan nazoratni kuchaytirishga bel bog‘laganga o‘xshaydi”, deyiladi.
“Agar o‘zbek rasmiylari dunyoni liberal islohotlarni amalga oshirishga chin dildan harakat qilayotganliklariga ishontirishni istasalar, matbuot erkinligini cheklovchi va tanqidiy hisobot berganlar uchun jarima va qamoq jazosi tahdidini tug‘diruvchi ushbu qonunlarni bekor qilishlari kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.
31 - mart kuni O‘zbekistonda Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan tuzatishlar kuchga kirdi.
Bundan bir kun oldin prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentini telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internetda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Adliya vazirligining bildirishicha, mazkur me’yor Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarda belgilab qo‘yildi.
Bundan tashqari, Kodeksga ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida da’vat qilganlik uchun javobgarlik kiritildi.
Joriy yilning 24 - oktabr kuni O‘zbekistonda prezident saylovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda Mirziyoyev ikkinchi muddatga saylanishi kutilmoqda.
Mirziyoyev avtoritar rahbar Islom Karimov 2016 - yil sentabrida vafot etganidan keyin hokimiyat tepasiga keldi.
O‘shandan beri Mirziyoyev o‘zini islohotchi sifatida ko‘rsatib keladi. O‘zbekistonda uning rahbarligi ostida siyosiy mahbuslar ozod qilindi, mamlakat qo‘shnilariga va tashqi dunyoga ochildi.
Ammo tanqidchilar islohotlar to‘liq amalga oshmagani va yetarli emasligini aytib keladi.
Mirziyoyev O‘zbekistonda muxolif siyosiy guruhlar yaratilishiga qarshi emasligini aytgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan beri mamlakatda rostmana muxolif partiyalarni ro‘yxatga olish imkonsiz bo‘lib kelmoqda.
O‘zbekistonlik sobiq siyosiy mahbus Safar Bekjon Ozodlik bilan suhbatda Prezidentning sha’nini himoya qiluvchi yangi qonunning zaif va mavhum jihatlarini sanab o‘tar ekan, jumladan, bunday degan edi:
"Bu qonunning asosiy yo‘nalishi insonlarni qo‘rqitish, tanqiddan tiydirishdir. Saylov yaqinlashayotgan paytda prezidentni tanqid qilish orqali uning shaxsiyatiga tegindi degan masala keltirib chiqarib, unga raqib bo‘lib saylovda qatnashmoqchi bo‘lgan nomzodlarning og‘zini berkitishdir".