O‘tgan o‘n yilda Putinning eng ko‘zga ko‘ringan raqibiga aylanib ulgurgan Aleksey Navalniy Rossiyaga qaytayotganini e’lon qilganda, rasmiylar uni hibsga olishdan tap tortmasliklarini yashirishmagandi.
17 - yanvar kuni u Rossiyaga qaytgach, Sheremetyevo aeroportida qo‘lga olindi va Moskva shahri chekkasidagi politsiya bo‘linmasiga olib ketildi. U yerda tashkil etilgan sayyor sud majlisida prokuror mahkamadan Navalniy ilgari jazodan muddatidan avval shartli ravishda ozod qilingani, ammo qo‘yilgan shartlarni buzgani uchun sudgacha uni hibsda saqlab turishni so‘radi.
O‘sha kuni internetda Navalniyni Vnukovo aeroportida kutib olish uchun chiqqan tarafdorlarini politsiya kuch bilan tarqatayotgani aks etgan videolar keng tarqaldi.
Ochiq ma’lumotlar asosidagi surishtiruv Navalniy o‘tgan yil avgustda Federal Xavfsizlik Xizmati (FSB) tomonidan zaharlanganini ko‘rsatsa ham, Kreml bu faktlarni inkor qilgan. Putin Navalniyni pisand qilmasligini ko‘rsatishga urinib keladi- hozirgacha u muxolifining nomini tilga olmagan.
“Kreml, garchi buni tan olmasa ham, bu ismsiz odamdan cho‘chiyapti”, deb yozadi Rossiya bo‘yicha mutaxassis Mark Galeotti.
Rossiya OAVlarining mustaqilligi sezilarli darajada cheklagan, televideniye ustidan qattiq nazorat o‘rnatilgan sharoitda Navalniy ijtimoiy tarmoqlardan ustalik bilan foydalanib keladi. U korrupsiyani fosh etuvchi videolari va muxolif g‘oyalari bilan tilga tushgan. Mustaqil Levada markazining sentabr oyidagi so‘rovnomasidan ayon bo‘lishicha, aksar ruslar Navalniyning zaharlanishini o‘ziga nom chiqarishning bir usuli, deb baholar ekan. Barcha dalillar shunga ishora qilsa ham, so‘ralganlarning faqat 15 foizi bu zaharlanishda Kremlning qo‘li borligiga ishonishini aytgan.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, millionlab rossiyaliklar Putinga yaqin ayonlarning poraxo‘rligini fosh etgan Navalniyning videolarini ko‘rgan. So‘nggi yillarda minglab rossiyaliklar uning chaqirig‘i bilan hukumatga qarshi namoyishlarda ishtirok etishgan. Lekin deyarli hech kim Navalniyning zaharlanishiga qarshi norozilikka chiqqani yo‘q. Tadqiqotlarga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar va noroziliklarga qarshi kuchaygan tazyiq noroizilik namoyishlari behudaligiga bo‘lgan ishonchni orttirgan.
«Navalniyning hibsga olinishi xalq ko‘tarilishiga olib kelmadi. Afsuslanarli holat, albatta, lekin biz bu faktga ko‘z yumolmaymiz», deb yozadi siyosiy tahlilchi Vladislav Inozemsev.
Moskva chekkasidagi politsiya bo‘linmasida bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida Navalniy 30 kunlik hibsga mahkum etildi. Bu Navalniy shartli ravishda ozod qilish shartlarini buzgani yuzasidan 2 - fevralga belgilangan sud muddatidan ancha uzun. Navalniyning advokatlariga ko‘ra, kelasi sudda u 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Shuningdek, Navalniyga qarshi 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni ko‘zda tutuvchi qo‘shimcha ayblovlar ham qo‘yilishi ehtimoli mavjud.
Tergov hibsxonasiga olib ketilishidan avval Navalniy rossiyaliklarga murojaat qilib, 23 - fevral kuni umummilliy norozilik namoyishlariga chiqishga chaqirdi. Bu bilan Navalniy uning ta’siri va nufuzini tan olmayotgan Kremlga chaqiriq tashladi.
Hibsdagi Navalniy rossiyaliklarning sovuq ob-havo va politsiya tazyiqidan qo‘rqmay ko‘chaga chiqishiga umid qilmoqda.
“Qo‘rqmang, ko‘chaga chiqing”, deydi Rossiya bayrog‘i oldida turgan Navalniy politsiya idorasining “sud zali” olingan videoda.