Oq uy Mirziyoevni boshlagan islohotlarini davom ettirishga rag‘batlantirmoqchi
Islohotlar rag‘bati
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining Markaziy va Janubiy Osiyo masalalari bo‘yicha mutasaddisi Liza Kurtis 14 may kuni Mirziyoev prezidentlikni qo‘lga olgandan beri O‘zbekiston “ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgani”ni aytdi.
Kurtis¸ Vashington uchrashuvlari davomida AQSh rasmiylari Shavkat Mirziyoevni iqtisodiyotni isloh qilish va inson huquqlariga rioya etilishini davom ettirishga da’vat qilmoqchi ekanini aytdi.
AQSh rasmiylari¸ Kurtisning aytishicha¸ Mirziyoev safari davomida O‘zbekistonda inson huquqlari, majburiy mehnat, din va matbuot erkinligi bilan bog‘liq eski muammolar echimini ham muhokama qiladi.
- Safar o‘sha Mirziyoev boshlagan islohotlarni rag‘batlantirish va tasdiqlash imkoniyatidir, - dedi Kurtis Vashingtondagi Atlantika kengashi ilmiy-tadqiqot markazidagi uchrashuvda.
Mirziyoev 16 may kuni Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashadi.
Mirziyoev davriga kelib, Karimov vaqtida odatiy hol bo‘lgan siyosiy qatag‘onlar yumshadi. So‘nggi oylarda bir necha yillardan beri qamoqda o‘tirgan inson huquqlari faollari ozod qilindi. Xususan¸ 12 may kuni huquq faoli Faxriddin Tillaevning ozod etilishiga Toshkentning Vashington uchrashuvlari oldidan ko‘rsatgan yana bir yaxshi niyat ifodasi o‘laroq qaralmoqda. U to‘rt yil oldin, inson huquqlari himoyachilari ta’biricha, siyosiy sabablarga ko‘ra qamalgan edi.
Mirziyoev safari oldidan Amnesty International tashkiloti O‘zbekiston rahbarining Oq uyga tashrifini “Tramp ma’muriyati uchun O‘zbekistonda uzoq kutilgan va o‘ta zarur inson haqlari sohasidagi islohotlarni rag‘batlantirish uchun o‘ta qulay imkoniyat” deb atadi.
Mirziyoev aksar siyosiy mahbuslarni ozod etganiga qaramay¸ yangi hokimiyat eski boshqaruvning qator rahbarlari¸ xususan¸ huquq tizimlari rasmiylarini qamoqqa oldi. Bu qamoqqa olishlar va sobiq rahbarlar ustidan tergov va sud jarayonlari qariyb yopiq holda olib borilmoqda. Bu jarayonni shaffof va adolatli o‘tkazishga chaqirayotgan huquq faollari¸ aksa holda yangi qamoqqa olishlar Mirziyoev siyosiy tarafdorlarining boyishi va uning hokimiyatini mustahkamlash bilan yakun topishidan xavotir bildirmoqda.
Biznes va xavfsizlik
AQSh safari davomida Mirziyoevga hukumat rasmiylari va biznes jamoasidan iborat katta delegatsiya hamrohlik qiladi. Uning Vashingtonga tashrifi chog‘ida¸ Mirziyoev matbuot kotibining 14 may kuni bildirishicha¸ AQSh kompaniyalari bilan 8¸5 milliard dollarlik shartnoma va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.
Mirziyoev matbuot kotib¸ 16 may kuni O‘zbekiston prezidenti maxsus ziyofat uyushtirishi va unda Amerikadagi yirik shirkat va banklar vakillari ishtirok etishini bildirdi.
O‘zbekiston hukumati so‘nggi oylarda davlat va xususiy sektor sarmoyalarini jalb qilish uchun Vashington va boshqa G‘arb poytaxtlarida qator marketing kampaniyalari uyushtirdi.
Oq uy ma’muriyati rasmiysi Liza Kurtisga ko‘ra, Mirziyoevning safari chog‘ida Xitoy va Rossiyaning mintaqadagi xatti-harakatlari ham muhokama qilinadi.
Shuningdek, Oq uy ma’muriyati Mirziyoevdan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishda vositachilik yordami ko‘rsatishni so‘raydi. Uning fikricha, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari yukning ma’lum qismini zimmasiga olishi kerak.