O‘zbek matbuoti FAKE xabarga uchdi - Kann festivalida birorta ham o‘zbek kinosi yo‘q!
Bu xabarga ko‘ra¸ Rashid Malikov suratga olgan «Sabot»¸ Muxlisa Azizovaga oid «Chayon» va Rustam Meliev «suratga olgan» «Maqsad» filmi 71-Kann kinofestivalida taqdim qilingan.
Ozodlik muxbirining o‘rganishicha¸ bu filmlarning hech biri Kann kinofestivalining hech bir dastur va loyihasiga kiritilmagan.
Ozodlik suhbatlashgan kinomunaqqidlarga ko‘ra¸ "Sabot" filmi rejisserining o‘z kinokartinasi «festivalda qatnashganidan xabari ham yo‘q»¸ "Chayon" filmi esa hali tugallanmagan. O‘zbek matbuoti tomonidan festivalda qatnashgan «o‘zbek rejisseri» deya taqdim etilgan Rustam Meliev shsa¸ umuman kinorejisser emas¸ balki oddiy fotosuratchi¸ "Maqsad" degan film esa hayotda hozircha mavjud emas.
Ozodlik bilan 15 may kuni gaplashgan kinomunaqqid Akmal Rizaevning aytishicha¸ bu avantyura «O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi¸ O‘zbekiston prezidentining davlat maslahatchisi Qahramon Quronboev tashabbusi bilan» amalga oshirilgan:
- O‘zbek kinosi dunyoga chiqdi¸ degan yolg‘onni parvarishlash va davlat rahbarini aldash maqsadida tashkil qilingan ish bu. Kann kinofestivalida Markaziy Osiyodan faqatgina Qozog‘iston qatnashayapti. Festival konkursiga aloqasi bo‘lmagan 15 ta yondosh loyihada ham o‘zbek kinosi taqdim qilinmadi. O‘zMTRK «Davr» axborot dasturi 32 million aholiga o‘zbek kinochilari xalqaro festivalda qatnashib¸ kino ko‘rsatdi ¸deya yolg‘on xabar berayapti. Bu xabarning rost qismi¸ O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Oybek Abdushukurov boshchiliigidagi 10 kishilik «delegatsiyasi» davlat hisobidan Fransiyada sayohat qilib yuribdi¸ deydi kinomunaqqid.
200 million so‘mlik yolg‘on
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tarkibidagi tuzilma bo‘lgan Yosh kinoijodkorlar kengashi mulozimi Abdurahmon Usmonov Ozodlik bilan 15 may kungi suhbatda bir-biriga zid ikki xil fikr bildirdi:
- 71-Kann kinofestivalida qatnashayapti o‘zbek kinochilari. Yosh kinoijodkorlar kengashi rahbari Oybek Abdushukurov boshchiligidagi o‘zbek kino arboblari festivalda ishtirok qilishayapti. Festivalda uch o‘zbek kinorejisserining asarlari namoyish qilinmoqda¸ dedi Ozodlik muxbiri bilan suhbat boshlanishida Yosh kinoijodkorlar kengashi mulozimi.
Ammo festival tashkilotchilarining Ozodlikka aytgan "O‘zbekiston hech bir shaklda¸ na konkurs va na konkursdan tashqari tadbirlarda qatnashmayapti" degan bayonoti mazmuni yetkazilganidan so‘ng bu suhbatdosh¸ bu "qatnashish" mohiyatiga to‘xtalishga majbur bo‘ldi:
- Qatnashdi¸ albatta . Mana «Davr» ham ko‘rsatdiku! Gapning to‘g‘risi, 71-Kann xalqaro kinofestivalida ilk marta «Uzbekistan» pavilyoni tashkil etildi. Yoshlar ittifoqi pul to‘lab¸ joy ijaraga oldi. Pavilyonda O‘zbekiston turizm salohiyati haqida kitobchalar bor. Davlatimiz rahbari aytdiku¸ turizmni rivojlantirish kerak¸ deb¸ dedi o‘z avvalgi bayonotini oqlashga uringan mulozim.
Bu gapdan esa¸ Kann kinofestivalida o‘zbek kinochilari asarlari emas¸ balki bu madaniy tadbir yonboshida uning ishtirokchilariga O‘zbekistonning sayyohlik potensialini ko‘rsatishni maqsad qilgan reklama burchagi qatnashayotgani ayon bo‘ladi.
Ozodlik bilan suhbatda Yoshlar ittifoqi mulozimi¸ bunday reklamaning narxiga oydinlik kiritishni istamadi.
- Ha puli to‘langan. Ammo qancha pulligini bilmayman. To‘g‘ri. O‘zi bunaqa festivallarda shunaqa imkoniyat bo‘lar ekan. Pavilyon ijaraga olib o‘zingni taqdim qilsang bo‘lar ekanu ammo fastival ishtirokchisi hisoblanmas ekansan¸ dedi Abdurahmon Usmonov.
Qimmatbaho chodir
Kinomunaqqid Akmal Rizaevning aytishicha¸ Kanndagi «Festival qishlog‘ida»gi O‘zbekiston chodiri 200 million so‘m (250 ming dollar) ga ijaraga olingan:
- G‘irt ko‘zbo‘yamachilik! Chodir ichida kino namoyish qiladigan texnika ham yo‘q. Bu yolg‘on chodir uchun O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi 200 million so‘m to‘ladi. 10 nafar mulozimning sayr qilib yurishi¸ mehmonxona va kundalik xarajati alohida chiqim bo‘ldi. Bu o‘n nafar mulozim ichida go‘yo uchta kinorejisser ham bor. Kann festivalida qatnashdi¸ deb karnay qilingan Rashid Malikovning na o‘zi¸ na kinosi bordi bu festivalga. Yoshlar ittifoqining lobbisi asosida ikki milliard so‘mga «Chayon» degan kinoni olayotgan Muxlisa Azizova hali tugallanmagan kinosi bilan qatnashibdi. Kinoni hali montaj varianti ham yo‘q. Azizovaning Kannda yurgani rost¸ ammo kino taqdim qilinmadi. Telefonida ham ko‘rsatib bera olmadi. Yana bitta yolg‘on - Rustam Melievning «Maqsad» degan kino bilan qatnashgani. Rustam Meliev umuman kinorejisser emas¸ balki oddiy fotosuratchi. «Maqsad» degan film esa hayotda mavjud emas¸ deydi suhbatdosh.
Muxlisa Azizova: Biz o‘zbek kinosi imkoniyatlari va mamlakatimiz go‘zalligini targ‘ib qildik!
Ozodlik shu kunlarda Fransiyaning Kann shahrida o‘zbek delegatsiyasi tarkibida sayohatda bo‘lgan kinorejisser Muxlisa Azizovaning o‘zi bilan gaplashdi. Azizova o‘zbek matbuotida yanglish xabarlar ketayotganini e’tirof qilib¸ masalaga oydinlik kiritdi:
- Bu yerda fokus kinolarga emas. Biz kino qishlog‘idagi pavilyonda O‘zbekiston kinosanoati imkoniyatlari¸ mamlakatimiz turizm salohiyatini targ‘ib qilayapmiz. Festival uch hududdan iborat. Kinofestival hududi¸ kinobozor va kino qishlog‘i. Bu yil 58 mamlakat milliy pavilyonlari bilan qatnashmoqda. O‘zbekiston birinchi marta bu yil o‘z pavilyonini ochdi. Butun dunyo bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga chiqish uchun. Bu yerda qilayotgan ishimiz¸ birinchi navbatda¸ o‘zbek kino sanoati imkoniyatlarini dunyodagi kinoprodyuserlarga targ‘ib qilish. Butun dunyo.kinochilarini O‘zbekistonda film olishga chorlash. O‘zbekistonning tinchligini¸ kino olish uchun sharoit borligini ularga ma’lum qilish. Birinchi prezentatsiyamiz shu mavzuda bo‘ldi. Ikkinchisi. Bu yil oktabr oyida O‘zbekistonda bo‘ladigan xalqaro kinofestivalni targ‘ib qilish. Kann va Berlin kinofestivali saviyasidagi kinolarni O‘zbekistondagi festivalga jalb qilish¸ dedi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda ayni kunlarda Kannda yurgan Muxlisa Azizova.
Suhbat davomida Azizova¸ Kann kinofestivalida umuman o‘zbek kinolari namoyish qilinmayotganini e’tirof etdi:
- Namoyish qilinmadi. Birinchidan, bizlar o‘tirgan pavilyonda imkoniyat yo‘q. Namoyish qilinish rejasi ham yo‘q edi. Biz pavilyonga kelganlarga jurnal ko‘rsatdik. Katalogga O‘zbekistonda qanday suratga olish texnikalari borligi haqida ma’lumotlar kiritilgan. O‘zbekistondagi tezyurar poezdlar¸ samoletlar¸ farovon yo‘llar haqida ma’lumot berdik. Mehmonxonalar qanaqa¸ kasalxonalar saviyasi haqida ham yozilgan bu jurnalda. Hamma informatsiyani olib kelganmiz¸ toki odamlarda O‘zbekiston haqida to‘g‘ri ma’lumot bo‘lsin. Rashid Malikovning “Sabot” filmi haqidagi ma’lumotni katalogga ma’lumot o‘laroq kiritdik. Filmni odamlarga qo‘yib berish¸ namoyish qilish imkoniyati yo‘q. “Chayon” hali bitmagan jarayonda bo‘lgani uchun¸ distryubitorlarga jarayon haqida ma’lumot berdik¸ dedi 31 yashar o‘zbek kinochisi Muxlisa Azizova.
Suhbat so‘ngida Azizova O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi:
- Kann kinofestivaliga yondosh hududda targ‘ibot olib borishga eng asosiy yordamni bergan bu Yoshlar itttifoqi. Agar kelib ko‘rsangiz¸ qanday go‘zal pavilьon bo‘lganiga o‘zingiz amin bo‘lasiz. Biz yillar davomida Kann festivalida pavilyonimiz bo‘lsin¸ deb kutdik va buni Yoshlar ittifoqi amalga oshirdi¸ rahmat ularga¸ dedi Muxlisa Azizova.
Suhbatdoshga ko‘ra O‘zbekiston pavilyoni 19 maygacha faoliyat olib boradi.
Joriy yilda Kann kinofestivaliga jahonning 118 davlatidan 12 ming kinochi keldi.
Qozog‘iztonlik kinochilar suratga olgan ikkita film Kann kinofestivalining asosiy dasturidan o‘rin olgan.